Etisalat O'zbekiston telekommunikatsiya infratuzilmasiga sarmoya kiritishdan manfaatdorligini bildiradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 13-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov bilan “e&” (Etisalat) kompaniyasi (BAA) vitse-prezidenti Jasim Abdulla boshchiligidagi delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
e& 1976-yilda tashkil etilgan va hozirda 38 mamlakatda faoliyat yuritadi. Kompaniyaning bosh qarorgohi Abu-Dabida joylashgan. Abonentlar soni 189,3 million, xodimlar soni 40 mingdan ortiq, aktivlari 49,8 milliard dollar.
Uchrashuvda tomonlar mamlakatimizda telekommunikatsiya va raqamli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Telekommunikatsiya kompaniyalariga va raqamli infratuzilmaga sarmoya kiritish, maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarini qurish boʻyicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
“e&” vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, telekommunikatsiya bozori liberallashuvi, shuningdek, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni yuksak baholadi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan loyihalarni birgalikda amalga oshirish doirasida keyingi amaliy choralarni koʻrishga kelishildi.