DXX Call-markazi ishga tushdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, DXX vakolatlariga kiritilgan masalalar yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini tezkor ravishda qabul qilish maqsadida Call-markaz faoliyat yurita boshladi.
Call-markazga 1520 qisqa raqami orqali qo‘ng‘iroq qilish mumkin.
Xususan, quyidagi masalalar yuzasidan murojaatlar qabul qilinadi:
- O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga bo‘lgan tajovuzlar haqida;
- Davlat chegarasini qo‘riqlanishi va himoya qilinishiga bo‘ladigan tahdidlar;
- Qurolli Kuchlar va mudofaa-sanoat majmuasida davlat xavfsizligiga bo‘ladigan tahdidlar;
- terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoiy guruhlarga oid;
- qurol-yarog‘, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga doir jinoyatlar haqida;
- davlat manfaatlariga tahdid soluvchi korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlar yuzasidan;
- milliy, etnik va diniy adovatni targ‘ib etish;
- davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi huquqbuzarliklarning sodir etilishiga doir boshqa axborotlar.
Shu bilan birga, Jinoyat-protsessual kodeksining 345-moddasida belgilab qo‘yilgan va tergovi DXX vakolatiga kiritilgan Jinoyat kodeksining 150-163, 182, 223, 246-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarga doir masalalar yuzasidan murojaatlar qabul qilinadi.
Murojaat qilgan fuqarolarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.