Dishan-Qalʼa Xivada turistik hududga aylantiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xivaning Tashqi qalʼasi — Dishan-Qalʼa turistik hududga aylantiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Loyiha doirasida vayron bo‘lgan qalʼa devorlari tiklanadi va aholi hamda shahar mehmonlari uchun dam olish hududiga aylantiriladi.
Dishan-Qalʼa 1842 yilda Xiva xoni Allaqulixonning farmoni bilan qurilgan, biroq hozirda uning holati juda ham yomon. 6200 metr uzunlikdagi devorning taxminan 2000 metri butunlay vayron bo‘lgan, yana 2500 metri taʼmirtalab. Shuningdek, so‘nggi yillarda qalʼa atrofida ko‘plab noqonuniy bino va inshootlar qurilgan, bu esa devor atrofida sayr qilish uchun joy qoldirmagan.
Dishan-Qalʼani saqlab qolish dasturi doirasida “Shixlar” mahallasidagi 55 ta turar va noturar joy boshqa hududlarga ko‘chiriladi. Bo‘shaygan yer maydonida ko‘chatlar ekiladi, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib boriladi.
Qalʼa devori milliy meʼmorchilik anʼanalari va tarixiy qiyofasiga muvofiq holda taʼmirlanadi. Tiklangan devor bo‘ylab 1,5–2 metr kenglikda piyoda yo‘lak barpo etiladi. “Shixlar” va “Angarik” mahallalarida zamonaviy turistik majmua qurish rejalashtirilgan bo‘lib, u yangidan yaratiladigan turistik infratuzilmaning bir qismiga aylanadi.
Ichan-Qalʼa — O‘zbekistonning eng mashhur tarixiy-madaniy yodgorliklaridan biri bo‘lib, YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. U yerda 58 ta madaniy va arxeologik yodgorliklar, 28 dan ortiq ekspozitsiya, 56 mingdan ziyod tarixiy artefakt va buyumlar, shuningdek, 174 ta hunarmandchilik ustaxonalari joylashgan.
2024 yilda Ichan-Qalʼa 1 millionga yaqin xorijiy va 3,5 million mahalliy turistni jalb etgan. 2025 yilda esa turistlar soni yana-da ko‘payishi, 2 million xorijiy va 5 millionga yaqin ichki turist tashrifi kutilmoqda.