Valyuta kurslari 24/06/2025
$1 – 12410.99
UZS – -0,69%
€1 – 14237.89
UZS – -1,16%
₽1 – 158.38
UZS – -0,63%
Qidirish
O‘zbekiston 25/02/2025 Deputatlar Ozarbayjon bilan ittifoq shartnomasini ratifikatsiya qilishni ma’qulladilar

Deputatlar Ozarbayjon bilan ittifoq shartnomasini ratifikatsiya qilishni ma’qulladilar

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “O‘zbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomani (Toshkent, 2024-yil 23-avgust) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Ushbu Shartnoma ikki davlat rahbarlari tomonidan 2024-yil 23-avgust kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi Oliy Davlatlararo kengashining birinchi majlisi yakunlari bo‘yicha imzolangan.

Oxirgi yillarda O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan pragmatik va ochiq tashqi siyosat natijasida O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari o‘rnatildi. Bu borada so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik rivojlanib, 2024-yil 23-avgust kuni ikkita davlat rahbarlari uchrashuvi natijasida O‘zbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnoma imzolandi. Bu bilan O‘zbekiston — Ozarbayjon munosabatlarini davlatlararo hamkorlikning eng yuqori darajasiga ko‘tarishga erishildi.

Shartnoma muqaddima va 24 moddadan iborat bo‘lib, uning asosiy qoidalari ikki davlatning bir-biriga qarshi bosqinchilik harakatlariga yo‘l qo‘ymaslik, blok yoki ittifoqlarda ishtirok etmaslik, uchinchi davlatlarning qurolli hujum vaziyatlarini tinch yo‘l bilan hal qilish, xalqaro terrorizm, ekstremizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan.

Shu bilan birga, hujjat tashqi siyosat, parlament diplomatiyasi, mudofaa va xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik va investitsion faoliyatni rivojlantirish, “yashil” va raqamli iqtisodiyot, elektron tijorat, energetika, AKT, IT-xavfsizlik va SI, transport tizimini, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy, ijtimoiy hamda turizm sohalarida, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, forumlar doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishni o‘z ichiga olgan.

Mazkur Shartnoma ikki mamlakat mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va barqaror iqtisodiy rivojlanishini yanada mustahkamlashga qaratilgan davlatlararo munosabatlarning yangi bosqichini huquqiy jihatdan mustahkamlashga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling