China Woerde Group va Farg‘ona hokimligi savdo uylarini ochishga kelishib oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning Shandun provinsiyasidagi yirik ishlab chiqarish tarmoqlariga ega “Woerde Group” kompaniyasi raisi Lin Bo boshchiligidagi xitoylik ishbilarmonlar delegatsiyasini qabul qildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi aprel oyida Xitoyga tashrifi davomida “Woerde Group” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazib, samarali kelishuvlarga erishgandi. Endilikda bu amaliy bosqichga o‘tib, viloyatimizda hamkorlikda yangi loyihalar boshlanmoqda. Uchrashuvda kelishuvlar doirasidagi istiqbolli hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xitoyda o‘tkazilgan taqdimotlar natijasida ko‘plab ishbilarmonlar Farg‘onaga sarmoya kiritishga katta qiziqish bildirayotgani, qisqa vaqt ichida bu o‘zining amaliy samaralarini berishi qayd etildi.
Viloyat rahbari Xitoy bilan hududlararo hamkorlik tobora kengayib borayotganini, xususan, viloyatimiz bilan Shandun provinsiyasi o‘rtasidagi do‘stona va ishonchli aloqalar mustahkamlanayotganini ta‘kidlab o‘tdi. Muloqot davomida Farg‘ona viloyatida maxsus texnopark tashkil etish, unda shandunlik tadbirkorlarning loyihalarini joylashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Hozirdan bunga qiziqish kuchli ekanligi bildirilib, quvurlar ishlab chiqarish loyihasi taqdimot qilindi.
Viloyat rahbari bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlashini, viloyatimizning har bir hududida maxsus sanoat zonalari tashkil etilayotganini ma‘lum qilib, kelishuvlar doirasida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishda har tomonlama ko‘makka tayyor ekanligini ta‘kidladi. Uchrashuv yakunida Farg‘ona viloyati hamda “Woerde Group” kompaniyasi o‘rtasida Farg‘onada Shandun provinsiyasi savdo uyini, Shanьdunda esa Farg‘ona viloyati savdo uyini tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolandi.