Chexiya biznesi O'zbekiston charm sanoati bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 10-yig‘ilishida hukumat delegatsiyasi tarkibida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi A. Sultanov ishtirok etdi.
Chex biznes vakillari bilan o‘tkazilgan davra suhbatida "O‘zcharmsanoat" uyushmasi raisi A. Sultanov Chexiya sanoat va savdo vazirligi rahbariyati bilan uchrashib, charm sanoatida hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston charm mahsulotlarini Chexiya bozoriga eksport qilish hamda Chexiya kompaniyalarining O‘zbekistonda ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Chexiya Eksportbanki vakillari bilan ham muzokaralar olib borildi. Uchrashuv chog‘ida bank tomonidan O‘zbekistondagi investitsion loyihalarga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi. Chexiya Eksportbanki vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholab, o‘z sarmoyalari bilan ushbu jarayonga hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.