Buyuk Britaniya hukumatining Chevening stipendiyalariga arizalar qabuli boshlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Buyuk Britaniyada o‘qish uchun nufuzli Chevening stipendiyalariga arizalar 2025-yil 5-avgustdan 7-oktabrgacha ochiq. Dastur o‘z mamlakatlarida va butun dunyoda ijobiy o‘zgarishlarni olib kirishga tayyor bo‘lgan shaxslarga Buyuk Britaniya universitetlarida magistr darajasida bepul tahsil olish imkonini beradi.
40 yildan ortiq vaqt davomida Chevening butun dunyo bo'ylab yuz minglab arizalarni jalb qildi. Muvaffaqiyatli nomzodlar ishonchli, dalillarga asoslangan misollar orqali ajoyib yetakchilik, ta'sir o’tkazish va tarmoq yaratish qobiliyatlarini aniq namoyish eta oladigan shaxslardir.
Grantlar Buyuk Britaniyaning 150 dan ortiq universitetlarida istalgan magistrlik darajasini olish uchun stipendiatlarga to'liq moliyaviy yordam, shuningdek, eksklyuziv akademik, professional va madaniy tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatini beradi. 1994-yildan buyon O‘zbekistonlik 250 dan ortiq yetakchilar stipendiyaga sazovor bo‘lgan. Ular Oksford universiteti, London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi, UCL, London qirollik kolleji, Edinburg universiteti va boshqalar kabi Buyuk Britaniyaning yetakchi universitetlarida davlat siyosati, barqarorlik, huquq, media va moliya kabi bir qator sohalarda magistrlik darajasida o‘qish imkoniyatini qo’lga kiritishgan.
Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Timoti Smart shunday dedi:
“Chevening-ning yuqori raqobatbardosh saralash jarayoni ushbu dasturga tanlanganlarning butun dunyo bo'ylab eng yorqin va eng munosib shaxslar bo'lishini ta'minlaydi.
Chevening bitiruvchilari o‘zlarining Buyuk Britaniyada orttirgan bilimlari, global tarmoqlari va o’ziga ishonchlaridan vatanlariga qaytganlarida, global muammolarni hal qilish yoki o‘z jamoalariga sezilarli ta’sir ko‘rsatish orqali mazmunli va doimiy o‘zgarishlarni yaratish uchun foydalanadilar.
Agar siz ham ularning safiga qo'shilish uchun zarur bo'lgan ko'nikmalarni - namunaviy yetakchilik, ta'sir va tarmoq qobiliyatlarini aniq ko'rsata olsangiz, men sizni ariza yuborishingizni qat'iy tavsiya qilaman. Agar hali talablarga to’g’ri kelmasangiz, men sizni avvalo arizangizni raqobatbardosh qiladigan tajriba orttirishga vaqt ajratishingizni tavsiya qilaman.
Men doimo Chevening hamjamiyatining fidoyiligi va g'ayratidan ilhomlanaman va men keyingi avlod yetakchilarining qanday o’zgarishlar olib kelishini ko'rishni intiqlik bilan kutaman".