Budapeshtda Turkiy Savdo-sanoat palatalari ittifoqining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov Vengriya poytaxti Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy Savdo-sanoat palatalari ittifoqining navbatdan tashqari Bosh Assambleya yig‘ilishida ishtirok etdi.
Yig‘ilish muhim va tarixiy voqeaga — Vengriya Savdo-sanoat palatasining Ittifoqning to‘laqonli aʼzosi sifatida qabul qilinishiga bag‘ishlandi.
Davron Vaxabov o‘z nutqida Vengriya Savdo-sanoat palatasi raisi Elek Nadni qutlab, Vengriya Savdo-sanoat palatasining to‘laqonli aʼzolikka qabul qilinishi nafaqat Ittifoqning geografiyasini kengaytirishi, balki Yevropa va Turkiy dunyo o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy va gumanitar ko‘prikni mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.
Yig‘ilish doirasida sentyabr oyida O‘zbekiston – Vengriya ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish, shu orqali ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida yangi loyihalar va investitsiyaviy imkoniyatlarni muhokama qilish taklif qilindi.
Bundan tashqari, avgust oyida Samarqand shahrida “Ayol tadbirkorlar forumi”ni o‘tkazish tashabbusi bildirildi. Ushbu forum turkiy davlatlar va Vengriyadagi faol ayol biznes vakillarini birlashtirish, tajriba almashish hamda gender tengligiga asoslangan iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadini ko‘zlaydi.
Shuningdek, yetakchi eksportyorlar bilan alohida uchrashuv tashkil etib, turkiy mamlakatlar va Yaqin Sharq bozorida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan qo‘shma investitsiyaviy va savdo loyihalari muhokama qilishga kelishib olindi.
Budapeshtdagi yig‘ilish turkiy davlatlar va Vengriya o‘rtasidagi do‘stona aloqalar, o‘zaro ishonch va strategik sheriklikning yana-da yuqori bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.