Britaniya Kengashi mamlakat boʻylab koʻproq oʻqituvchilarni malakasini oshirish orqali Oʻzbekistonda milliy taʼlim islohotini qoʻllab-quvvatlashda davom etmoqda
Surat: Britaniya kengashi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, A.Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti va Britaniya Kengashi butun mamlakat bo‘ylab o‘qituvchilarni uzluksiz kasbiy rivojlanish (UKR)ni amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlovchi yangi pedagoglar jamoasini tayyorlamoqda. 20 ga yaqin milliy maslahatchilar o‘qituvchilarga o‘z o‘quvchilari manfaati uchun uzluksiz kasbiy rivojlanishni mustaqil ravishda rejalashtirish va amalga oshirish uchun tegishli yo‘l-yo‘riq, maslahat va motivatsiya berish bo‘yicha ikki kunlik treningdan o‘tadi.
“Bu yerdagi o'qituvchilar mas'uliyatni o'z zimmasiga olish va boshqa o'qituvchilarga uzluksiz kasbiy rivojlanish jarayonini tushuntirish uchun tanlangan. Bundan tashqari, bugun ular UKR maqsadlarini direktorlarga qanday tushuntirishni muhokama qilishadi. Vazirlik ularga ishonib qolmoqda. Ular butun mamlakat o’qituvchilarni o'z mahoratini doimiy ravishda rivojlantirishga ilhomlantiradi!” - deb ta’kidladi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining pedagog kadrlarni tayorlash va kasbiy rivojlantirish Boshqarmasi boshlig’ janob Maqsudjon Abdullayev.
O‘tgan yili shunga o‘xshash milliy maslahatchilar guruhi O‘zbekistonning 116 ta maktabida ingliz tili o‘qituvchilarini qo'llab-quvvatlab, ularga o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirishga va kasbiy rivojlanishi uchun javobgarlikni o‘z zimmalariga olishga yordam berdi. Joriy yilda yangi qabul qilingan 20 nafar mutaxassis Oʻzbekistondagi qoʻshimcha 102 ta maktabda 102 nafar UKR chempionlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Umuman olganda, Vazirlik va Britaniya Kengashining qoʻshma dasturi butun mamlakat boʻylab 200 dan ortiq maktablarni qamrab oladi.
“Biz O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlik qilishdan va O‘zbekistonda o‘qituvchilarni tayyorlashga yangicha yondashuvlarni ishlab chiqishdan, shuningdek, uzluksiz kasbiy rivojlanish madaniyatini ilhomlantirish va rivojlantirishdan mamnunmiz, bunda o‘qituvchilar o‘zlarining kasbiy o‘sishi uchun mas’uldirlar, maktablar esa o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun jahon darajasidagi sifatli ta'limni ta‘minlash uchun o‘rganish markazlariga aylanadi.”. – dedi Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi direktori o‘rinbosari Jamila G‘ulomova.
Yangi milliy maslahatchilar oʻqituvchilarni kasbiy rivojlanish yo‘lida qo‘llab-quvvatlaydilar. Har bir maslahatchi mahalliy miqyosda kamida besh nafar o‘qituvchig na murabbiylik qiladi va ingliz tilidan samarali darslar o‘tkazish va o‘z o‘quvchilariga tegishli bilimlarni berish uchun o‘qitish ko‘nikmalarini doimiy ravishda takomillashtirish bo‘yicha resurslar va metodologiyalar bo‘yicha maslahat beradi.
Trening Britaniya Kengashi tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi va Buyuk Britaniya xalqaro taraqqiyot agentligi tomonidan moliyalashtiriladi. Dastur Britaniya Kengashining Markaziy Osiyoda ingliz tilini oʻrganishni jadallashtirish (AELLCA) dasturining bir qismi boʻlib, u ingliz tilini isloh qilish milliy kun tartibiga javob berish, ingliz tili oʻqituvchilari taʼlimini taʼminlash va Markaziy Osiyo mintaqasida yanada inklyuziv taʼlim tizimini rivojlantirishga qaratilgan. Dasturning asosiy akademik hamkori Buyuk Britaniyaning Norvich til ta’limi instituti hisoblanadi.