Bolalar lagerlari va parrandachilik korxonalari soliq imtiyozlariga ega bo‘ladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Parrandachilik sohasini rivojlantirish, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarining faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonun loyihasi muhokamalar markazida bo‘ldi.
Mazkur qonun loyihasi bilan 2030-yil 1-yanvarga qadar parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini (ekin maydonlaridan tashqari) to‘lashdan ozod etish belgilanmoqda.
2027-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davrda esa O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi statsionar bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari bino-inshootlari va yer uchastkalarini ijaraga berishdan olgan daromadlari bo‘yicha foyda solig‘i, shuningdek, ijaraga berilgan obyektlari va ular egallagan yer uchastkalari bo‘yicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lashdan ozod etilishi nazarda tutilyapti.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi parrandachilik korxonalari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, bolalarga yaratiladigan shart-sharoitlarni yaxshilash, bolalarni sog‘lomlashtirish va aqliy rivojlantirish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.