BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori boshchiligidagi delegatsiya Farg‘ona viloyatida
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Maxl rahbarligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan Farg‘ona viloyatiga keldi. Tashrif doirasida viloyat hokimligida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Mirzohid Ubaydullayev, viloyat hokimi o‘rinbosari Burhon Quldashev ishtirokida delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda O‘zbekistonning BMT va uning tuzilmalari bilan hamkorligi mustahkamlanib borayotgani, qator dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Shuningdek, mamlakatimizda Prezident tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona va yaqin munosabatlarni yo‘lga qo‘yish borasidagi sa’y-harakatlar xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanayotgani ta’kidlandi.
Farg‘ona viloyatida aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi ishlar ham delegatsiya tomonidan ijobiy baholandi.
Uchrashuvda Farg‘ona viloyati bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni joriy etish masalalari muhokama etildi.
Jumladan, kambag‘allik va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, turizmni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, migratsiya masalalari, aholi salomatligi, ta’lim kabi yo‘nalishlardagi istiqbolli loyihalar va hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Uchrashuv yakunida birgalikdagi chora-tadbirlar va amaliy ishlar kelishib olindi.