“BMT-ayollar” tuzilmasi O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 27-may kuni Toshkentda “BMT-ayollar” tuzilmasining O‘zbekistondagi vakolatxonasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Hukumati aʼzolari, BMT agentliklari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.
Taʼkidlash joizki, “BMT-ayollar” tuzilmasi ofisini Toshkentda ochish bo‘yicha oliy darajadagi kelishuvga BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, “BMT-ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sima Baxusning O‘zbekistonga 2024-yil may oyida amalga oshirgan tashrifi mobaynida erishilgan edi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva “BMT-ayollar” bilan hamkorlikning yangi bosqichini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, ofisning ochilishi mamlakatning gender tenglik sohasidagi taraqqiyotini xalqaro miqyosda eʼtirof etish ramzi sifatidagi muhimligini taʼkidladi.
“Shubhasiz, mazkur vakolatxonaning yurtimizda faoliyat olib borishi ikki tomonlama aloqalarimizni yangi bosqichga olib chiqishimizda, konstruktiv hamkorligimizni yana-da izchil rivojlantirib borishimizda katta rol o‘ynaydi.”, - dedi Tanzila Narbayeva.
Ofisning ochilishi O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan genderga yo‘naltirilgan byudjetlashtirish loyihasining ishga tushirilishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Ushbu loyiha yangi ofis faoliyatining birinchi keng ko‘lamli yo‘nalishi bo‘ladi.
Marosimda “BMT-ayollar” tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori o‘rinbosari Eliza Fernandes Sayens ofisning mamlakat ayollari va qizlari uchun sheriklik, taraqqiyot va umid timsoli sifatidagi ahamiyatini taʼkidladi.
“Tenglikka erishish yo‘li ushbu ofisning ochilishi bilan tugamaydi - u yangidan, ko‘proq majburiyat, yangi umid va to‘xtovsiz oldinga intilish bilan boshlanadi”, - dedi Eliza Fernandes Sayens.
BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabina Maxl ofisning ochilishi mamlakatning inson salohiyatini rivojlantirish va gender tenglikka qatʼiy sodiqligini tasdiqlashi, “BMT-ayollar” bilan hamkorlik esa ushbu vazifalarni amalga oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi.
O‘zbekistonda “BMT-ayollar” tuzilmasi ofisining ochilishi xotin-qizlar huquqlari va gender tenglikni ilgari surishda yangi davrni boshlab beradi, bu tashkilotning yubileylari hamda butun dunyoda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va kengaytirishga qaratilgan asosiy xalqaro hujjatlar yilida ayniqsa muhimdir. Joriy yilda tashkilot o‘zining 15 yilligini, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining 30 yilligi hamda BMT Xavfsizlik Kengashining Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik masalalari bo‘yicha 1325-rezolyutsiyasining 25 yilligini nishonlaydi.