Baxtiyor Saidov YEXHT amaldagi raisi Elina Valtonen bilan muzokaralar o‘tkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YEXHT) amaldagi raisi, Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Elina Valtonen bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va YEXHT o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi rivojlanish dinamikasi ijobiy baholandi. Tomonlar mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, to‘g‘ri boshqaruv tamoyillarini ilgari surish va inson huquqlarini himoya qilish sohalaridagi qo‘shma tashabbuslarga alohida eʼtibor qaratdilar.
Shuningdek, O‘zbekiston va Finlyandiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Ayniqsa, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
«Fin tomonining sheriklikni yana-da chuqurlashtirishga bo‘lgan intilishini yuksak qadrlaymiz va konstruktiv hamda samarali hamkorlikning davom etishiga umid qilamiz», — deya taʼkidladi O‘zbekiston TIV rahbari.