Valyuta kurslari 24/06/2025
$1 – 12410.99
UZS – -0,69%
€1 – 14237.89
UZS – -1,16%
₽1 – 158.38
UZS – -0,63%
Qidirish
O‘zbekiston 20/02/2025 “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi

“Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qonun jismoniy shaxslarning, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarning, shuningdek yuridik shaxslarning banklardagi omonatlarini kafolatlash sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

Omonatlarni kafolatlash agentligi banklardagi omonatlarning himoya qilinishini kafolatlash sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi.

Omonatlarni kafolatlash tizimi kafolatlash hodisasi yuzaga kelganda Agentlik tomonidan omonatchilarga kompensatsiyalarni to‘lash orqali omonatchilarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini davlat tomonidan himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir.

Bank, shu jumladan mikromoliya banki va qonunchilikka muvofiq tashkil etilgan oraliq bank litsenziya berilgan paytdan eʼtiboran kafolatlash tizimining ishtirokchisiga aylanadi.

Bir bankda bir omonatchiga to‘lanadigan kompensatsiya quyidagi miqdorni tashkil etadi:

kafolatlash obyekti qoldig‘ining to‘liq hajmini, agar uning miqdori 200 million so‘m yoki undan kam bo‘lsa;

200 million so‘mni, agar kafolatlash obyektining qoldig‘i 200 million so‘mdan ko‘p bo‘lsa.

Agentlik tugatilayotgan bank omonatchilarining kamida to‘rtdan uch qismiga kompensatsiyalarni olish imkoniyatini quyidagi muddatlarda taʼminlashi shart:

2025 yil 1 yanvardan boshlab – kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanadan eʼtiboran 20 ish kuni ichida;

2026 yil 1 yanvardan boshlab – kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanadan eʼtiboran 15 ish kuni ichida;

2027 yil 1 yanvardan boshlab – kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanadan eʼtiboran 7 ish kunida.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling