Baker Hughes Technologies kompaniyasi O‘zbekistonda neft va gaz sanoatini rivojlantirishga yordam beradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Poytaxtda o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2025” 27-xalqaro ko‘rgazmasi hamda O‘zbekiston xalqaro energetika forumi doirasida “O‘zbekneftgaz AJ va "Baker Hughes" kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Qayd etish joizki, ushbu kompaniya bilan hamkorlikda chuqur burg‘ilash sohasida qator yutuqlarga erishilgan. Xususan, Ustyurt mintaqasidagi quduqlarda murakkab geologiya sharoitida yuqori texnologiyali dolotalar sinovdan o‘tkazildi. Natijada bir reysda 437 metr burg‘ilashga erishildi — bu mintaqa uchun rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.
Hozirgi kunda hamkorlikda 17 ta quduqda ishlar olib borilmoqda. Zamonaviy texnologiyalar evaziga "Shimoliy Berdax" konidagi 15-sonli va "Quyi Shege" konidagi 2-sonli quduqlar 5000 metrga burg‘ilangani va "Gʻarbiy Quyi Surgil" konidagi 8-sonli quduq 65 kun ichida qurib bitkazilganligini alohida qayd etish zarur.
Kelgusida Buxoro-Xiva va Surxondaryo viloyatlarida ham ushbu texnologiyalardan foydalanish rejalashtirilgan. Xususan, “Termiz”, “Namozboy” va “Buzaxur” konlaridagi quduqlar istiqbolli loyihalar sifatida ko‘rilmoqda.
Bugungi uchrashuv ham O‘zbekistonda burg‘ilash samaradorligini oshirish, texnologik jarayonlarni takomillashtirish hamda milliy neft-gaz sanoatini yanada rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.