BAAning M42 kompaniyasi O‘zbekistonda genetik laboratoriya tashkil etishni rejalashtirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 11-aprel kuni O'zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o'rinbosari Shohruh Gulamov va M42 (BAA) kompaniyasi vitse-prezidenti Xolid Al-Zaabi o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi.
M42 — BAAdagi eng yirik genetika kompaniyasidir. 2023 yilda tashkil etilgan. M42 Genomika va sun'iy intellekt kabi innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda kasalliklarni tashxislash, davolash va oldini olish kabi keng ko'lamli sog'liqni saqlash xizmatlarini taqdim etadi.
Uchrashuv davomida tomonlar O'zbekistonda genetik laboratoriya tashkil etish loyihasini amalga oshirishning turli modellarini muhokama qildilar. Loyiha kasalliklarga genetik moyillikni aniqlash, mamlakatimizda biomarkerlar va skrining usullaridan keng foydalanish bo'yicha ilg'or tibbiy amaliyotlarni joriy etishga qaratilgan. Shuningdek, u ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, BAAda o'zbek mutaxassislarini o'qitishni tashkil etish va ilg'or tajriba almashishni nazarda tutadi.