Valyuta kurslari 24/06/2025
$1 – 12410.99
UZS – -0,69%
€1 – 14237.89
UZS – -1,16%
₽1 – 158.38
UZS – -0,63%
Qidirish
O‘zbekiston 20/02/2025 Atmosfera havosi musaffoligini taʼminlash choralari kuchaytirilmoqda

Atmosfera havosi musaffoligini taʼminlash choralari kuchaytirilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning navbatdagi yalpi majlisda “Qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablar belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, qurilish va urbanizatsiya ko‘lamlarining kengayishi, qurilish obyektlarining maydonlaridan chang va qum zarrachalarining shamol orqali havoga ko‘tarilishi natijasida atmosfera havosi yomonlashmoqda.

Statistik maʼlumotlarga qaraganda respublikamizda 500 kvadrat metrlik ochiq qurilish maydonidan yiliga 50 tonnagacha chang va qum havoga ko‘tariladi.

Aslida, qurilish hududlari, unga kirib-chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar (changni bostirish uchun osma yomg‘irlatgich va suv purkagichlardan foydalanish) shaharsozlik qoidalariga kiritilgan.

Biroq milliy qonunchilikda atmosfera havosini muhofaza qilish talablari va shaharsozlik qoidalari doirasida aynan qurilishda changni havoga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘yganlik uchun aniq javobgarlik nazarda tutilmagan.

Shu sababli, mavjud vaziyat qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun qurilish tashkilotlarining mansabdor shaxslariga nisbatan javobgarlik belgilanishini taqozo etmoqda.

Senatorlar tomonidan ko‘rib chiqilgan qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks ushbu turdagi huquqbuzarlik uchun javobgarlikni belgilovchi modda bilan to‘ldirilmoqda.

Endilikda o‘lchami 500 kvadrat metr va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonida, unga tutash bo‘lgan hududda hamda undan chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablarni buzish yoxud ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yo‘l qo‘yiladigan doiradagi normativlardan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yo‘l qo‘yish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, agar shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qo‘llanilganidan so‘ng bir yil davomida takroran sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima qo‘llaniladi.

Senatorlar taʼkidlaganidek, ushbu Qonunning qabul qilinishi binolar, inshootlar va ularning majmualarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda mukammal taʼmirlash davrida atmosfera havosiga tartibsiz ravishda tashlanadigan chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini oldini oladi. Atrof-muhitning ekologik musaffoligini saqlash, fuqarolarning o‘z hayoti va sog‘lig‘i uchun qulay atmosfera havosidan foydalanish huquqlarini taʼminlaydi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling