Anwei Wanshen Biological Technology va CCSP United O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 29-may kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov va Xitoyning yirik Suzhou Wan Shen Noodle Products korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi “Anwei Wanshen Biological Technology” va “CCSP United” kompaniyalari vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Jizzax viloyati Zomin tumanida joylashgan texnopark hududida bir qator sanoat loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, Anwei Wanshen Biological Technology kompaniyasi temir-beton buyumlar ishlab chiqarish, shuningdek, don (bug‘doy) mahsulotlarini qayta ishlash va qoldiq chiqindilardan spirt ishlab chiqarish bo‘yicha rejalari bilan tanishtirdi.
Uchrashuvda tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdilar va loyiha doirasida navbatdagi amaliy harakatlarga kelishib oldilar.
Muzokaralar yakunida tomonlar loyihani muvaffaqiyatli va o‘z vaqtida amalga oshirish uchun barcha mavjud imkoniyatlardan foydalanishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdilar.