Andijonda yangi loyiha: 24/7 faoliyat yuritadigan ko‘chalar tashkil etilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon shahrining 3-kichik daha, O‘rikzor mahallasi hududida yangi formatdagi ko‘chalar 24/7 tizimida ish boshlaydi.
Ushbu loyiha doirasida aholiga qulaylik yaratish maqsadida ko‘ngilochar maskanlar, oziq-ovqat do‘konlari, tez tayyorlanadigan taomlar (fastfud) shoxobchalari, shuningdek, sayr qilish va dam olish uchun maxsus zonalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Bugun viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov mazkur hududga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan qurilish va loyiha ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Tadbirda nuroniylar ham o‘zgarishlardan xursand ekanliklarini, ko‘plab yangi uylar, binolar qad rostlayotganligi aholi kayfiyatiga ham ijobiy taʼsir qilayotganligini aytishib, boshlangan ishlar barakali, xayrli bo‘lishligini tiladilar. Qurʼon tilovat qilinib, yaxshi niyatlar bilan duo-fotihalar qilindi. Shundan so‘ng navbatdagi qurilish ishlariga start berildi.
Ushbu tashabbuslar Andijon shahrining ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga xizmat qiladi va yangi ish o‘rinlari yaratish, aholiga yana-da keng imkoniyatlar yaratish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.