Andijonda masjidda gaz portlashi sababli yuz bergan fojea tafsilotlari o‘rganilmoqda: uch kishi halok bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Andijon viloyati Izboskan tumanidagi masjidda sodir bo‘lgan portlash holatini o‘rganish bo‘yicha hukumat komissiyasini tashkil etish haqida qaror chiqardi. Bu haqda Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov maʼlum qildi.
Komissiyaga Bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatov rahbarlik qilmoqda. Matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, komissiyaga sodir bo‘lgan voqea sabablarini aniqlash hamda kelgusida bunday favqulodda holatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.
Shuningdek, qarorda halok bo‘lganlar va jabrlanganlarning oilasiga har tomonlama yordam ko‘rsatish, jumladan tibbiy yordam berish masalasi ham nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, hodisa 31 mart kuni tush paytida masjid hududida joylashgan tahoratxonada sodir bo‘lgan. Gaz portlashi natijasida binolar devorlari va tom qismi qulagan.
Hodisa joyiga tezkor ravishda ikki qutqaruv guruhi va ikki yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib kelgan. Fojea oqibatida uch kishi halok bo‘ldi, yana o‘n kishi jarohat oldi.
Hodisa joyiga viloyat hokimi Shuxratbek Abdurahmonov, Favqulodda vaziyatlar vaziri Botir Qudratxo‘jayev hamda Farg‘ona vodiysida bo‘lib turgan Bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatov tashrif buyurdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi halok bo‘lgan va jarohatlangan shaxslar ro‘yxatini eʼlon qildi. Halok bo‘lganlar: M. Abdullayev, J. Anvarov, B. Burxonov. Jabrlanganlar: G. Toyloqov, A. Abdirahimjonov, X. Zuhriddinov, I. Rahimov, M. Mamaturaimov, I. Shomurodov, Q. Qosimov, U. Boltaboyev, M. Abdurahmonov, M. Boltaboyev. Barcha jabrlanganlar shifoxonaga yotqizilgan va zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.