Andijon viloyatida o‘qituvchilarni maktab taʼmiriga majburlashdi — tekshiruv boshlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 3 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilar maktab taʼmiri bilan shug‘ullanayotgani aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat bo‘yicha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi rasmiy bayonot berdi.
Aniqlanishicha, voqea Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 42-sonli umumtaʼlim maktabida sodir bo‘lgan. Videolavhada o‘qituvchilar devor bo‘yayotgani, partalarni ko‘tarib tashilayotgani va hatto ovqat tayyorlayotgani aks etgan. Vazirlik maʼlum qilishicha, videolavha yozgi shanba hashari paytida tasvirga olingan bo‘lib, u ishlarga qatnashishdan bosh tortgan o‘qituvchilarga “namuna sifatida” yuborilgan.
Vazirlik bu holat yuzasidan xizmat tekshiruvi boshlanganini maʼlum qildi. Shu nuqtai nazardan yuqoridagi holatga sababchi bo‘lgan masʼul xodimlarga nisbatan belgilangan tartibda taʼsir choralari ko‘rilishi taʼminlanadi.