Alliance Plus Co. O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va mutaxassislar tayyorlashga qiziqish bildirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni kunlarda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Akobir To‘xtayev boshchiligidagi delegatsiya Pokistonda bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida Karachida charm xomashyosini qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Alliance Plus Co. kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Alliance Plus Co. o‘z tasarrufidagi 3 ta zamonaviy charm zavodida yiliga 10 million bosh qo‘y, echki va qoramol terisini qayta ishlash quvvatiga ega. Kompaniya mahsulotlari to‘liq eksportga yo‘naltirilgan bo‘lib, Yevropa va Osiyoning yetakchi bozorlariga yetkazib beriladi. Bu esa mahsulot sifatining yuqoriligi va kompaniya boshqaruvining samaradorligidan dalolat beradi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda qo‘y terisini qayta ishlashga ixtisoslashgan qo‘shma korxona tashkil etish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnologiyalar transferi, mahalliy mutaxassislarni o‘qitish hamda ekologik toza ishlab chiqarish tizimlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Alliance Plus Co. O‘zbekistonning xomashyo salohiyati va charm mahsulotlariga bo‘lgan o‘sib borayotgan talabini inobatga olgan holda, hamkorlikka katta qiziqish bildirdi.
Ushbu tashrif O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yana-da mustahkamlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi navbatdagi amaliy qadam bo‘ldi.