Air Products O‘zbekistonda modernizatsiya va barqaror energetika loyihalariga qiziqish bildirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 8-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Air Products Central Asia Group kompaniyasi vitse-prezidenti Vatslav Harant bilan uchrashdi.
Air Products — sanoat gazlari ishlab chiqarishda yetakchi xalqaro kompaniya bo‘lib, 50 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi. Kompaniya energiya sohasi, kimyo, qayta ishlash va oziq-ovqat sanoati uchun gaz, uskunalar hamda texnologiyalar yetkazib beradi. Air Products transmilliy korporatsiyalar va davlat sektoridagi hamkorlarga xizmat ko‘rsatadi hamda toza vodorod va barqaror energetika yechimlari sohasida jahon yetakchisidir.
Konstruktiv fikr almashinuvi jarayonida tomonlar amalga oshirilgan tashabbuslarni muhokama qildilar va barqaror energetika, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish hamda investitsiyalarni jalb etish yo‘nalishlarida kelgusi hamkorlik istiqbollarini belgilab oldilar.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada chuqurlashtirish va ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish borasida o‘zaro tayyorligini bildirdilar. Xususan, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda muzlatish, qayta ishlash va oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarini joriy etishga mahalliy korxonalarni jalb qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.