Valyuta kurslari 26/06/2025
$1 – 12531.78
UZS – 0,61%
€1 – 14538.12
UZS – 0,53%
₽1 – 159.82
UZS – 0,92%
Qidirish
Iqtisod 26/06/2025 Agrar sohada davlat boshqaruvi tizimi takomillashtiriladi

Agrar sohada davlat boshqaruvi tizimi takomillashtiriladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, sohaga zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, shuningdek, sohada faoliyat olib borayotgan subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini yana-da kuchaytirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi va “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni eʼtirof etish to‘g‘risida”gi qonunlarga Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Vazirlar Mahkamasi huzuriga o‘tkazilganligi munosabati bilan amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirish yuzasidan tahririy o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi o‘zining hamda meva-sabzavotchilik yo‘nalishidagi mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi subyektlarning, issiqxona xo‘jaliklarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudlarga berilgan arizalar, shikoyatlar va daʼvolar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod etilishini belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Senatorlar tomonidan taʼkidlanganidek, Qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, agrar sohadagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida ushbu Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling