Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
O‘zbekiston 01/05/2025 Afg‘onistonda “Do‘stlik bog‘i” tashkil etiladi

Afg‘onistonda “Do‘stlik bog‘i” tashkil etiladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshid Abduzuxurov va boshqa mas’ullardan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonga xizmat safarini amalga oshirdi.

Tashrif doirasida delegatsiya Afg‘oniston Qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va chorvachilik vazirligi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv davomida tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, tajriba almashinuvi, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar.

Mazkur tashrif doirasida O‘zbekiston-Afg‘oniston agrar hamkorligining amaliy namunasi sifatida Afg‘oniston hududida “Do‘stlik bog‘i” barpo etilishi rejalashtirilgan yer maydoni – 100 gektarli hudud ko‘zdan kechirildi.

“Do‘stlik bog‘i” loyihasi doirasida zamonaviy agrotexnologiyalar joriy etilishi, ikki davlat agrar sohasi mutaxassislarining hamkorlikda faoliyat yuritishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha orqali Afg‘oniston hududida intensiv bog‘dorchilik rivojlantirilib, meva yetishtirish salohiyatining oshishi, mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlarining yaratilishi va mintaqada barqaror iqtisodiy o‘sish uchun zamin yaratilishi kutilmoqda.

Mazkur tashabbus O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, o‘zaro hurmat va manfaatli hamkorlik asosida rivojlanib borayotgan ikki tomonlama aloqalarning muhim ko‘rinishidir.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling