Afg‘oniston bilan farmatsevtika sohasida hamkorlik muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 30 may kuni Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Afg‘onistonning yetakchi farmatsevtika distribyutor kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv chog‘ida ikki tomonlama farmatsevtika sohasidagi hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan:
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida farmatsevtika mahsulotlari eksport-importi hajmini oshirish;
Afg‘oniston hududida qo‘shma farmatsevtika ishlab chiqarish loyihalarini yo‘lga qo‘yish;
Malakali kadrlar tayyorlash va tajriba almashish;
Farmatsevtika sanoatidagi ilg‘or texnologiyalarni joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Delegatsiya uchun O‘zbekistonning yetakchi farmatsevtika korxonalariga “tanishuv tur” tashkil qilindi. Mehmonlar xalqaro GMP standartlariga mos ishlab chiqarish jarayonlari, texnologik liniyalar, laboratoriya va nazorat tizimlari bilan yaqindan tanishdi.
Afg‘onistonlik tadbirkorlar O‘zbekiston farmatsevtika sanoatining jadal rivojlanayotganini, mahsulotlarning sifati va eksport salohiyati yuqori ekanini eʼtirof etdilar. Ular o‘z navbatida, Afg‘oniston bozorida O‘zbekiston mahsulotlariga ehtiyoj yuqori ekanini qayd etdilar va tez fursatda qo‘shma korxonalarni ishga tushirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi sog‘liqni saqlash sohasidagi amaliy hamkorlikning muhim bosqichi sifatida baholash mumkin. Kelgusida bu aloqalar ikki tomon uchun ham strategik foyda keltirishi kutilmoqda.