Adworld Group jarimaga tortildi: Chet elda noqonuniy ishga joylashtirish bilan shug‘ullangan
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston hududida faoliyat yurituvchi Adworld Group kompaniyasi chet elda ishga joylashtirish xizmatlarini tegishli litsenziyasiz taklif etgani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda Migratsiyasi agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniya Chernogoriya, Serbiya, Buyuk Britaniya, Litva, Norvegiya, Ummon va Yaponiya kabi davlatlarda ish o‘rinlarini taklif qilib, ularga qonuniy asosda joylashish mumkinligini maʼlum qilgan. Asosiy targ‘ibot ijtimoiy tarmoqlar orqali olib borilgan. Adworld Group o‘zini ishonchli vositachi sifatida ko‘rsatgan, ammo tekshiruvlar natijasida maʼlum bo‘lishicha, bunday faoliyat uchun zarur litsenziya mavjud bo‘lmagan.
Jabrlangan fuqarolarning maʼlum qilishicha, ular “xizmat” uchun to‘lovni amalga oshirgandan so‘ng, kompaniya o‘z majburiyatlarini bajarmagan. Bundan tashqari, ommabop blogerlar tomonidan kompaniya xizmatlari reklama qilingani, aholi orasida ishonchni oshirgan.
O‘tkazilgan tekshiruv natijasida Adworld Group‘ga nisbatan 112,5 million so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi. Kompaniya belgilangan muddatda ushbu jarimani ixtiyoriy ravishda to‘lamagani sabab, jarimani sud orqali majburiy undirish jarayoni boshlandi.