20 fevral kuni Senatning yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 17-fevral kuni Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Majlisda Senatning to‘rtinchi yalpi majlisini 2025-yil 20-fevral kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkaziladigan yalpi majlisda qator masalalarni muhokama qilish nazarda tutilgan.
Taʼkidlanganidek, senatorlar fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash, tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, kredit axboroti almashinuvini yana-da takomillashtirish, soliq maʼmuriyatchiligi, yer uchastkalaridan foydalanish, qurilish tartibi, donorlik harakatiga doir hamda oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonunlarni ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.
Jumladan, “Tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun tadbirkorlik subyektlari tomonidan moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, biznesni moliyalashtirishning samarali vositalarini joriy etish, pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash (faktoring) bo‘yicha zamonaviy qonunchilik bazasini yaratishga xizmat qiladi.
Xuddi shuningdek, kredit axboroti almashinuvini tartibga soluvchi qonun aholini kreditlash sohasidagi firibgarlik jinoyatlaridan himoya qilish hamda o‘zlarining xabarisiz ularning nomlariga kredit rasmiylashtirish hamda masofadan turib onlayn kredit mablag‘larini yechib olish holatlarini bartaraf etish imkonini beradi.
Yer uchastkalaridan foydalanishga oid qonun madaniy hordiq maskanlari va boshqa yashil zonalarni muhofaza qilishning mustahkam huquqiy asosini yaratish, ularning hududlarini saqlab qolish, mansabdor shaxslarning masʼuliyatini oshirish, yer uchastkalaridan foydalanish jarayonida yer va shaharsozlik qonunchiligi o‘rtasidagi munosabatlarni taʼminlash, shuningdek, ulardan foydalanish maqsadi ustidan nazorat qilish samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Shuningdek, yalpi majlis kun tartibidan sud, mahkumlarning jazo o‘tashdagi huquqlari, chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasi bilan bog‘liq qonunlar ham o‘rin olgan.
Bundan tashqari, to‘rtinchi yalpi majlisda bir qator xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish va ularga qo‘shilish masalalari aks etgan qonunlar ham ko‘rib chiqiladi. Shu bilan birga, Samarqand viloyatining Samarqand shahri, Samarqand va Oqdaryo tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ham muhokama qilinadi.